Xalqaro ilmiy jurnallarning aksariyati eksperimental tadqiqot natijalarini tavsiflovchi maqolaga quyidagi asosiy qismlardan iborat talabni belgilaydi: Kirish, Usullar, Natijalar va Munozara ( Introduction, Methods, Results, and Discussion - IMRAD). Ba’zan Annotatsiya (Abstract) ma’nosini anglatuvchi «A» harfi IMRAD qisqartmasiga kuzatiladi va AIMRAD, deb yozilishi ham mumkin. Ilmiy maqola bo`limlarining ichki tuzilishi batafsil tavsifi quyidagi ko`rinishga egadir.
Agar maqola nazariy izlanishlarga bag`ishlangan bo`lsa, unda «Methods» bo`limi «Theoretical Basis»ga (Nazariy Asos) almashtiriladi. Maqolaning Kirish, Metodlar, Natijalar va Munozara bo`limlari - asosiy qismi (Article Body), deb ataladi. Muallif asosiy e’tiborni maqola asosiy qismiga qaratish kerak!
✍️Maqola yozish tartiblari:Maqola asosiy qismiga tegishli bo`limlari ketma-ketligini o`zgartirish mumkin emas! Qolgan bo`limlar ketma-ketligi o`zgarishi jurnal talablari va muallif tomonidan belgilanadi.
IMRAD formatidagi ilmiy nashrlar birinchi marta XX asr oxirida ilmiy jurnallar sahifalarida paydo bo`ldi. Hozirgi vaqtda ilmiy maqolalarning ushbu formati xalqaro jurnallar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinib, universal standartga aylandi. Dastlabki tadqiqotlar natijalarining ilmiy nashrlari tarkibini birlashtirish tendensiyasi 1972-yilda, Amerika Standartlari Milliy Instituti barcha jurnallarda foydalanish uchun IMRAD formatini ma’qullagan va tavsiya qilgan paytdan boshlab kuchaydi. Zamonaviy rus, ingliz va boshqa dunyo tillarida ilmiy jurnallarining aksariyati maqolalar uchun deyarli yagona talabni qo`yadilar.
IMRAD formati juda oddiy mantiqqa asoslangan. Maqolaning bo`limlari tabiiy savollarga javob berish kerak:
Odatda har qanday maqola sarlavha bilan boshlanadi, undan so`ng mualliflarning ro`yxati, ularning ish joyi va manzili, taqdim etilgan tadqiqotni o`tkazish joyi keltiriladi. Keyin maqola mazmuni haqida qisqacha ma’lumot beradigan Annotatsiya keladi va maqola so`ngida kalit so`zlarni (keywords) topish mumkin. Annotatsiyadan keyin maqolaning asosiy qismi keladi. Adabiyotlar ro`yxati (Literature) odatda maqolaning so`nggida keladi.
Maqolaning sarlavhasi - bu maqola mazmunini mukammal darajada tavsiflaydigan eng oz so`zlar birikmasidir. Sarlavha - bu maqolaning o`qilishi haqida aytishimiz mumkin bo`lgan yagona qism. Shubhasiz, sarlavhani eng ko`p kitobxonlar o`qiydilar. Ehtimol, minglab odamlar maqolaning sarlavhasini ko`rishadi va faqatgina bir necha kishi maqolani to`liq o`qiydilar. Sarlavhaning vazifasi - maqolani to`liq o`qishga qiziqishni hosil etishdir. Maqolaga qiziqishi mavjud bo`lganlarning e’tiborini jalb qilish uchun sarlavha maqola mazmuniga imkon qadar aniq va to`liq mos kelishi kerak. Shuning uchun sarlavha uchun so`zlarni juda ehtiyotkorlik bilan tanlash kerak, ayniqsa ularning mazmuniga, ahamiyatiga va mosligiga e’tibor berish kerak. Agar sarlavha maqola mazmunini to`g`ri yetkazmasa, ushbu maqola mutaxassislar tomonidan hech qachon o`qilmasligi mumkin.
Maqola nomi juda uzun yoki juda qisqa bo`lmasligi kerak va 3-15 so`zdan iborat bo`lishi kerak (artikl, old qo`shimchalar, predloglardan tashqari). Ba’zida maqolalar sarlavhalari keraksiz so`zlar (waste words) mavjudligi sababli juda uzun bo`ladi, va u so`zlar hech qanday ma’lumot bermaydigan so`zlardir. Ko`pincha, bunday so`zlar sarlavhaning boshida keladi.
Yaxshi maqola sarlavhasining asosiy xususiyatlari:
Odatda, maqola sarlavhasi ega va kesimdan iborat to`liq jumlani emas, balki, yorliqni o`zida aks ettiradi. Faqat bir necha jurnallar to`liq jumlalarni sarlavha sifatida ishlatishga imkon beradi. Agar siz to`liq jumlani (ya’ni, ega va kesimli gap yoki savol ko`rinishda) Sarlavha sifatida ishlatishni istasangiz, unda uni yozishga ko`p vaqt sarflashdan oldin, tanlangan jurnalingizda kamida shunday nomlangan bitta maqola bor-yo`qligini bilib oling. Ya’ni, Sarlavha jurnal tahrirlash qoidalariga mos bo`lishi kerak!
Qoidaga ko`ra, maqola sarlavhasida qisqartmalar, kimyoviy formulalar, dori vositalari va reaktivlarning savdo belgilari (nomlari), tor mutaxassislikka oid, jargon so`zlar, noodatiy, o`zgacha yasama atamalari bo`lishi mumkin emas.
Maqola Sarlavha bilan boshlangan bo`lsa ham, ko`pincha maqola yozilgandan so`ng Sarlavha nihoyat shakllanadi va sharhlovchilar va muharrirlarning izohlaridan keyin ham, ba’zi hollarda, tahrir qilinadi. Biroq, maqola yozishni boshlashdan oldin ushbu maqola uchun «ishchi» nom o`ylab topish kerak.
Ilmiy etika tamoyillariga muvofiq, ilmiy nashr mualliflari faqatgina tadqiqqa haqiqiy hissa qo`shgan, qo`lyozmaning mazmuni uchun javobgar va uni tayyorlashda ishtiroq etgan shaxslar bo`lishi mumkin.
Muallifning tadqiqotda qanday ishtirok etishini tushunishga yordam beradigan quyidagi vaziyatni ko`rib chiqamiz:
Maqolada ko`rsatilgan tadqiqot natijalariga salmoqli hissa qo`shgan shaxslargina muallif sifatida maqolaga kiritiladi. Qolgan shaxslarga esa minnatdorchilik bildirish maqsadga muvofiqdir.
Jurnal talablariga binoan, mualliflarining ismlaridan keyin, ularning ish joylari, manzillari, ish olib borilgan joyi va boshqa ma’lumotlar keltiriladi.
Maqolaning keyingi bo`limi - maqolaning qisqacha mazmunini aks ettiradi. Rus tilida bu ko`pincha «Реферет», «Аннотация» va ingliz tilida «Abstract», «Resume», «Summary», deb nomlanadi. O`qilishi darajasi bo`yicha Annotatsiya maqola sarlavhasidan keyin ikkinchi o`rinni egallaydi. Uning vazifasi - potensial o`quvchilarni maqolaning mazmuniga yo`naltirish va qiziqtirish, maqolani to`liq o`qish istagini uyg`otishdir.
Annotatsiyada maqolaning barcha bo`limlar bo`lishi kerak, ammo juda qisqartirilgan shaklda. Agar annotatsiya yaxshi yozilgan bo`lsa, unda maqolaning mazmuni sizning ishingiz bilan qanday bog`likligini tez va aniq bilib olishingiz mumkin. Bu esa maqolani to`liq o`qish zarurligi to`g`risida qaror qabul qilishga yordam beradi. Odatda annotatsiya hajmi 250 so`zdan ortiq bo`lmasligi kerak. Annotatsiya bitta abzas ko`rinishida yoziladi va quyidagilarni o`z ichiga oladi:
Agar ruxsat etilgan so`zlarning maksimal soni 250 tani tashkil etsa va siz atigi 100 so`zdan foydalansangiz, demak, annotatsiya maqolaning mazmunini to`liq aks etmagan. Bundan tashqari, annotatsiyaning mazmuni keltirilgan 4 bo`limni yetarli darajada ko`rsatish kerak. Maqolada keltirilgan tadqiqot maqsadini tavsiflash uchun 200 ta so`z, maqolaning qolgan barcha (3 ta) bo`limlarining mazmunini yetkazish uchun 50 ta so`zni ishlatish mumkin emas. Maqola matnida mavjud bo`lmagan ma’lumotlar Annotatsiyada keltirilmaydi.
Kalit so`zlar maqolani bazalarda qidirish uchun kerak. Mazmuni va ma’nosi nuqtai nazaridan, kalit so`zlar annotatsiya va maqolaning mazmuniga yaqin bo`lishi lozim. Kalit so`zlar sintaktik tuzilishga ega emas, va odatda ular bosh kelishikda beriladi. Kalit so`zlar asosiy natijalar, qiziqishning asosiy jihatlarini aks ettirishi kerak. Kalit so`zlar soni odatda 10 dona atrofida bo`lishi tavsiya etiladi va odatda jurnal talablari tomonidan belgilanadi.
Maqolaning kirish bo`limida maqolada keltirilgan tadqiqot natijalarini tushunishga va baholashga imkon beradigan, boshqa manbalarga murojaat qilinmaydigan ma’lumotlarni o`z ichiga olinishi kerak. Bundan tashqari, kirish bo`limida tadqiqotning zarurligi va dolzarbligi uchun asoslar keltirilishi kerak. Odatda, kirish bo`limi to`rt qismga bo`linadi:
Ilmiy kontekstni yaratish: Ushbu bo`limda maqolada keltirilgan tadqiqot katta muammoning bir qismligini ko`rsatish kerak. Mavzuingizga doir maqolalarni iloji boricha ko`proq o`qing. Boshqa maqolalarda mualliflar ilmiy kontekstni qanday tasvirlayotganiga katta e’tibor bering. Ushbu ilmiy kontekstning aniqligi yoki aniq ko`rsatilmaganligi, sizning tadqiqotingizni dolzarbligini aniqlaydi. Agar siz muammoni aniq bayon qila olmasangiz, unda o`quvchida maqolani o`qishga qiziqish uyg`onmasligi mumkin. Agar muammoni tushunmagan o`quvchilar maqolani oxirigacha o`qishga harakat qilsalar, siz a’lo darajada hal qilgan muammo ularda hech qanday taassurot qoldira olmaydi. Bu jihatdan ilmiy maqola yozishni oddiy jurnal yoki gazeta uchun maqola yozish bilan taqqoslash mumkin. Jurnal o`quvchilari maqolani oxirigacha o`qishlari uchun dastlab diqqatni jalb qilish kerak.
Tadqiqot bilan bog`liq adabiyotlarni o`rganish:Ushbu bo`lim sohadagi boshqa tadqiqotchilar tomonidan nima va qanday amalga oshirilganligi haqida umumiy ma’lumotga bag`ishlangan. Sizning maqolangizda sizning tadqiqotingizga bevosita tegishli bo`lgan barcha manbalarni taqdim etish lozim. Sizning tadqiqot ishingizni tushunish uchun zarur bo`lgan va faqat maqolaning maqsadi va vazifalarini, tadqiqotning gipotezasini, ishlatilgan tadqiqot usullarni asoslashga xizmat qiladigan barcha nashrlarni (manbalarni) tasvirlab bering. Maqolangiz xalqaro jurnallarning taqrizchilari tomonidan ijobiy baholanishi uchun keltirilgan manbalarni tanlashda juda ehtiyotkor va sinchkov bo`lish kerak. Agar jurnal taqrizchisi biror manbani maqolangizning adabiyotlar sharhiga ko`rsatilishini talab qilsa, bahslashmang va taqrizchining talabini bajaring. Agar siz o`zingizning maqolangiz uchun taqrizchilarni tanlasangiz, unda (imkon bo`lsa) bo`lajak taqrizchilarning nashrlariga murojaat qilishni unutmang. Shuningdek, ushbu kichik bo`limda raqobatbardosh usullar va ularning natijalarini taqqoslash orqali tadqiqot usulini tanlashni asoslash maqsadga muvofiqdir. Boshqa manbalardan olingan fikrlar, ma’lumotlar, g`oyalar va h.k. uchun iqtibos keltirilishi lozim. Siz tomondan maqolada keltirilgan barcha iqtiboslar (references) maqolaning foydalanilgan adabiyotlar ro`yxatida o`z aksini topishi kerak. Bibliografik ma’lumotga katta e’tibor bering va har bir manbani adabiyotlar ro`yxatida keltirib o`ting.
Adabiyotlarni o`rganish natijasida aniqlangan muammolar, o`rganilmagan muammolar va o`rganilmagan bo`shliqlar tavsifi: Ushbu bo`limda siz o`quvchiga adabiyotlarni ko`rib chiqish tugallanganligi to`g`risida signal berasiz va unda quyidagi muhim aspektlarni tasvirlab berasiz:
Aniqlangan muammolar va bo`shliqlar asosida tadqiqot maqsadini va vazifalarini aniqlash: Ushbu bo`limda tadqiqotning maqsad va vazifalari ta’riflab beriladi. Maqolaning keyingi bo`limlari (metodlar, natijalar va munozara) yozilgandan so`ng, tadqiqotning maqsad va vazifalari o`zgartirilishi mumkin. Tadqiqot maqsadlari va vazifalari maqolaning qolgan bo`limlarida keltirilgan matni bilan mazmuni jihatdan muvofiq bo`lishi kerak. Agar tadqiqot natijalari o`zgartirilgan bo`lsa, muallif tadqiqotning maqsadlari va vazifalarini o`zgartirishi lozim.
Sizning maqolangizni aynan sizning sohangizda ishlamaydigan mutaxassislar o`qishi mumkinligini yodda tutish kerak. Kirish bo`limida keyinchalik maqola matnida ishlatadigan barcha maxsus atamalar, iboralar va qisqartmalarning ta’riflari keltirilishi kerak.
Agar siz ilgari maqolada keltirilgan natijalar haqida dastlabki hisobotni yoki ma’lumotni nashr qilgan bo`lsangiz, unda maqolangizda bu haqda havola (footnote/snoska) keltirishingiz kerak. Odatda, bunday havolalar Kirish qismini oxirida joylashtiriladi.
Ushbu bo`limda natijalarni olish uchun ishlatilgan usullar va metodlar keltiriladi. Birinchidan, odatda eksperimentlarning umumiy dizayni keltiriladi (design of the experiment). So`ngra esa tajribalar shu qadar batafsil yoritiladiki, har qanday vakolatli mutaxassis o`z laboratoriyasida ushbu maqolaning matnidan foydalanib tajribalarni takrorlashi mumkin bo`lishi kerak. Ko`p mualliflar ushbu bo`limni o`tkazib yuboradilar. Taqrizchi qo`lyozmani o`qiyotganda, tadqiqot metodologiyasining qanchalik batafsil ekanligiga alohida e’tibor beradi. Agar taqrizchi yuqoridagi tavsifdan foydalanib tajribalarni takrorlash mumkinligiga shubha qilsa, katta erishilgan natijalarga qaramay, sizning maqolangizni jurnalda nashr etishga rad etishni tavsiya qiladi.
Standart usullar, metodlar va protseduralardan foydalanganda tegishli manbalarga murojaat qilish maqsadga muvofiqdir. Agar standart usul va metodlar siz tomonidan o`zgartirilgan bo`lsa, standart usullarning modifikatsiyasini batafsil tavsiflash lozim. Agar siz ilgari hech qayerda nashr etilmagan, o`zingizning yangi usulingizdan foydalanayotgan bo`lsangiz, hamma kerakli ma’lumotlarni berishingiz kerak. Agar siz ilgari o`z tadqiqot usul va metodlaringizni jurnalda nashr etgan bo`lsangiz, unda shu nashrlarga iqtibos (reference) bilan cheklanib qolishingiz mumkin.
Agar sizning ishingizda kimyoviy yoki biokimyoviy usullar qo`llanilgan bo`lsa, unda tajriba davomida qanday reaktivlar va birikmalar ishlatilganligini ko`rsatib o`tilishi kerak (generic names). Bundan tashqari, reagentlar va birikmalarning konsentratsiyasi ko`rsatiladi. Yangi yoki nostandart bo`lgan birikmalarning kimyoviy nomlari va formulalari albatta ko`rsatib o`tilishi shart. Tadqiqot davomida ishlatilgan qurilmalar va moslamalar (agar ular nostandart bo`lsa yoki sotuvda bo`lmasa va ularni o`zingiz yaratgan bo`lsangiz) batafsil tasvirlab beriladi. Agar tadqiqot qurilma va moslamalari sotib olingan bo`lsa, qavslarda ishlab chiqaruvchining nomi va modelini ko`rsatish mumkin. Chunki maqolada tovar va xizmatlarning reklamasi amalga oshirilmaydi. Kimyoviy reaktivlarning savdo nomlarini to`g`ridan-to`g`ri ishlatish mumkin, ammo tavsiya etilmaydi. Kimyoviy birikmalar uchun xalqaro va keng tarqalgan nomlaridan foydalaning. Tadqiqot o`tkazish davomida qanday xavflar mavjudligini albatta ko`rsatish kerak.
Agar sizning tadqiqotlaringiz biologiya bilan bog`liq bo`lsa, unda o`simliklar, hayvonlar, viruslar va mikroorganizmlarning turlarini sinchkovlik bilan aniqlang va xalqaro nomini keltiring. Masalan, lotinchada, inglizchada keltirilishi mumkin. Agar siz tadqiqotlarni insonlar ustida olib borgan bo`lsangiz, shu insonlarning roziligi ham talab etiladi va maqola matnida keltiriladi (informed consent).
Usullar va protseduralar odatda xronologik tartibda tavsiflanadi. Matematik hisob-kitoblarni shu qadar aniqlik bilan berish kerakki, ularni osongina qayta ishlab chiqarish va natijalarning to`g`riligini tekshirish imkoni bo`lsin. Barcha kerakli ma’lumotlarni, formulalarni, tenglamalarni maqolaga qo`shing, ularda qanday o`zgarishlar yuz berganini tavsiflang. Agar matematik o`zgarishlarning batafsil tavsifi juda katta joyni egallasa, ularni maqolaning ilovasida keltirishingiz mumkin.
Natijalar bo`limi - bu maqolaning markaziy qismi, uning kuliminatsion bo`limidir. Ushbu bo`limda erishilgan eksperimental yoki nazariy natijalar keltiriladi. Tadqiqotga tegishli bo`lgan natijalar ushbu bo`limda keltiriladi. Natijalar odatda biror shaklda va ko`rinishda taqdim etiladi: jadvallar, grafikalar, diagrammalar, tenglamalar, fotosuratlar, chizmalar yoki matn ko`rinishida. Rasmlarda qisqacha sharhlar, taqqoslashlar, statistik baholar keltiriladi. Natijalar bo`limida faqat natijalar keltiriladi. Natijalar bo`limi qisqa bo`lishi kerak.
Natijalarni izohlash, boshqa tadqiqotchilar ma’lumotlari bilan taqqoslash va shunga o`xshash amallar keyingi munozara bo`limiga qoldiriladi.
Mualliflar maqolada tadqiqotlar natijasini quyidagi 3 turda ifodalash orqali amalga oshiradilar:
Jadvallar va grafiklarni tavsiflashda, muallif qisqa ma’lumot berishi maqsadga muvofiqdir. Maqolani o`quvchi shaxs tadqiqotning natijasini topa olishi kerak.
Maqolani yozishda tadqiqot natijalarini qisqa va lo`nda shaklda ko`rsatiladi va so`ngra munozara (muhokama) etish boshlaniladi. Munozara bo`limi - maqolaning eng qiyin qismidir. Natijalar bo`limida dalillar va faktlar keltirilsa, munozara bo`limida muallifning fikrlari, g`oyalari, tadqiqot davomidagi muammolari, amaldagi qo`llanishi muhokama qilinadi. Munozara bo`limi ko`proq nazariy, umumlashtiruvchi va umumiy muammoga oid bo`lishi kerak. Munozara bo`limi bevosita amaliyot bilan ko`proq bog`liq bo`lishi lozim, chunki unda olingan natijalarning ahamiyati va ularni amalda qo`llash muhokama qilinadi. Ko`p maqolalar jurnallarning muharrirlari tomonidan, natijalar juda qiziqarli va yaxshi taqdim etilgan bo`lishiga qaramay, ularning natijalari yetarli darajada muhokama qilinmaganligi sababli nashr qilish rad etiladi. Munozara bo`limida quyidagilar keltirilishi mumkin:
Munozara bo`limi sizning fikrlaringiz va g`oyalaringizni ifodalash uchun eng mos joy. Bu yerda siz boshqa tadqiqotchilar bilan bahslashish, yangi gipoteza, fiklar, farazlar, nazariyalarni taklif qilishingiz mumkin. Agar gipoteza maqolaning kirish qismida shakllantirilgan bo`lsa, unda muhokamada gipoteza tasdiqlangan yoki tasdiqlanmaganligini yozish kerak.
Maqola tayyorlash jarayonida muallif albatta tayyorlayotgan maqolasiga oid bo‘lgan adabiyotlar bilan tanishib chiqishi va ulardan o‘zining maqolasida ham foydalanishi zarur. Shuningdek qaysi bir adabiyotdan foydalangan bo‘lsa maqolasi so‘ngida ularning ro‘yxatini keltirib o‘tishi shart. Juda ko‘p mualliflar mana shu ro‘yxatni to‘g‘ri rasmiylashtiraolmaydilar.
Ushbu ro`yxat muallif tomonidan jurnal talablariga mos ravishda shakllantiriladi. Muallif ushbu ro`yxatni matn muharriri orqali shakllantirish kerak. Aks holda jurnallar agregatori (Scopus, RINS) iqtiboslarni hisobga olmasligi mumkin. Natijada, siz tomondan foydalanilgan manbalar mualliflarining Xirsh-indeksi ko`tarilmaydi.
Microsoft Word orqali bibliografik manbalar bilan ishlash funksiyasi mavjud. Bu haqida batafsil ma`lumotni ushbu fayl orqali topishingiz mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati o‘rnatilgan qoidalar bo‘yicha keltirilgan hujjatlar (kitob, tezis, maqola) haqida bibliografik ma’lumotlar yig‘indisi bo‘lib, ular hujjatning alohida identifikatsiyasi va umumiy xarakteristikasi uchun kerak bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati ketma-ketligi qat’iy belgilangan va o‘zgartirib bo‘lmaydigan sarlavha va elementlardan iborat. Hujjatda quyidagi tartibda joylashgan maydonlar bor:
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati maydonlari va elementlarini chegaralash uchun yagona shartli ajratish belgilari tizimidan foydalaniladi:
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati elementlari ichida til normalariga mos keluvchi punktuatsiya saqlanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati maydonlari va elementlarini aniqroq bo‘lishi uchun shartli belgi oldidan va undan keyin bitta belgi probel qo‘llaniladi.
Bibliografik bayonning uch turi mavjud:
"Individual muallif nomi ostida” bayoni birinchi element sifatida individual muallif nomi tanlanishini bildiradi. Hujjat uchtadan ortiq muallifga ega bo‘lmagan sharoitda nashr qilingan kitob, maqola, doklad, dissertatsiyalarga beriladi.
"Kollektiv muallif nomi ostida” bayoni birinchi element sifatida hujjatni chop etgan tashkilot nomi tanlanishini bildiradi. Odatda hukumat qarorlari, konferensiya, yig‘ilish materiallariga beriladi.
"Sarlavha ostida” bayoni birinchi element sifatida hujjat sarlavhasini tanlashni anglatadi. Uchtadan ortiq muallifga ega kitoblar, turli mualliflarning asarlari bitta sarlavha ostida berilgan bo‘lsa, qonunlar to‘plami, ITI hisobotlari, normativ hujjatlar, dasturiy-metodik materiallarga beriladi.
Dissertatsiya ishi adabiyotlar ro‘yxatida barcha foydalanilgan adabiyot manbalari: barcha nashrlar, patent materiallari, dissertatsiya avtoreferatlari, ITI to‘g‘risida hisobotlar va h.z.ni o‘z ichiga oladi.
Ro‘yxatni tuzish tartibini muallif belgilaydi. Materialni adabiyotlar ro‘yxatida joylashtirishining keng tarqalgan usuli: alfavit, tizimli va matnda eslash tartibi bo‘yicha.
Ro‘yxatni tizimli berish yoki matnda eslash tartibi takrorlashlarni keltirib chiqarishi mumkin, shuning uchun eng qulay usul bu alfavit tartibi hisoblanadi.
Matnda havolar kvadrat qavslarda berilishi kerak, masalan, [1], [3-5], [54, 239b.].
Xorijiy manbalarga havola xorijiy tilda berilishi kerak, tarjima qilingan bo‘lsa. Tarjima ko‘rsatma berilishi lozim.
! Shuni yodda tutingki, oʻz ilmiy-tadqiqot ishlaringizni faqat sifatli va ishonchli ilmiy jurnallarda nashr ettiring. Misol uchun, OAK yoki Scopus roʻyhatidagi jurnallar shular jumlasidandir. Quyida, sizga sifatli maqola yozishingizga yordam beruvchi bir nechta fayllar ilova qilingan.
Qo`shimcha ma`lumotni ushbu mavzuga oid o`tkazilgan webinar audiosidan olishingiz mumkin.